Turkiya namoyishlarni toʻxtatish maqsadida Istanbulga sayohat cheklovlarini joriy qildi

2025-yil 20-mart kuni Istanbul meri Ekrem Imamogʻlu hibsga olinganidan soʻng, Turkiya hukumatga qarshi oʻtkazilayotgan namoyishlarni bostirish maqsadida Istanbulga sayohat cheklovlari joriy qildi. Bu haqda Bloomberg nashri xabar bermoqda.
22-mart kuni Istanbul ma’muriyati vaqtinchalik shaharga kirish yoki shahardan chiqishga ruxsat bermasligini qayd etgan. Shuningdek, hukumat 27-martgacha davom etadigan yangi namoyishlar taqiqini e’lon qilgan. Avvalroq bu taqiq yakshanba kuni tugashi rejalashtirilgandi.
Imamogʻlu Turkiya prezidenti Rajab Tayyip Erdoʻgʻanning siyosiy raqibi sifatida tanilgan. U 2028-yilgi prezidentlik saylovlari uchun eng kuchli nomzod sifatida koʻrilayotgan edi. Imamogʻlu korrupsiya va terrorizm ayblovlari bilan hibsga olingan.
Namoyishlar Istanbul va boshqa yirik shaharlarda, shu jumladan, poytaxt Anqarada va Gʻarbiy Izmir viloyatida davom etdi. Ichki ishlar vaziri Ali Yerlikaya bergan ma’lumotlarga koʻra, 300 dan ortiq kishilar namoyishlarda hibsga olingan.
Eslatib oʻtamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Turkiyada Istanbul merining hibsga olinishiga qarshi norozilik namoyishlari avj olgani haqida yozgan edi.