9-apreldan Buyuk Britaniyada sayyohlik vizasi narxlari oshadi

Buyuk Britaniya hukumati Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) fuqarolari uchun viza to‘lovlarini oshirishini e’lon qildi. 9-apreldan turli toifadagi vizalar o‘rtacha 10 foizga qimmatlashdi. Bu haqda Britaniya hukumati rasmiy veb-saytida xabar berdi.
Unga ko‘ra, sayyohlik vizasini rasmiylashtirish to‘lovlari quyidagicha oshiriladi:
- olti oylik viza – 127 funt sterling (+12 funt);
- ikki yillik viza – 475 funt sterling (+43 funt);
- besh yillik viza – 848 funt sterling (+77 funt);
- 10 yillik viza – 1 059 funt sterling (+96 funt).
Shuningdek, elektron viza (ETA) narxi 10 funtdan 16 funt sterlinggacha ko‘tariladi. Ushbu ruxsatnoma ikki yil davomida ko‘p martalik safarlarga amal qilib, har safar olti oygacha bo‘lgan tashrifga ruxsat beradi.
BAA fuqarolari orasida Buyuk Britaniya mashhur yo‘nalish bo‘lib qolmoqda. Turoperatorlar fikricha, Britaniya vizasini olish Shengen davlatlariga nisbatan osonroq bo‘lib, ruxsatnoma atigi bir haftada beriladi. Emirates va Etihad Airways kabi aviakompaniyalar BAAdan Buyuk Britaniyaga ko‘plab reyslarni amalga oshiradi.
Britaniya hukumati 2025-yilda 43,4 mln sayyohni kutmoqda, bu 2024-yilga nisbatan 5 foizga ko‘proq.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQSh 43 ta davlat fuqarolari uchun viza cheklovlarini joriy qilishi mumkinligi haqida yozgandi.