MB beshta bankka jarima sanksiyasini qo‘lladi

Fevral oyida Markaziy bankning Nazorat qo‘mitasi sakkizta yig‘ilish o‘tkazib, 43 ta masalani ko‘rib chiqdi. Beshta bankka nisbatan jarima sanksiyalari qo‘llanildi. Bu haqda MB matbuot xizmati xabar berdi.
Jumladan, ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida 31 ta masala muhokama qilinib, quyidagi yo‘nalishlarda taqsimlangan:
- kredit tashkilotlari ustaviga o‘zgartirish kiritishda – sakkizta;
- yangi mikromoliya tashkilotlarini ro‘yxatga olish – uchta;
kredit tashkilotlari ustav fondidagi ulushga egalik qilish uchun ruxsat berish – beshta; - vakolatxona ochishga ruxsat berish – bitta;
- tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zolari hamda muhim xodimlarning nomzodlarini ko‘rib chiqish – 13 ta.
Shuningdek, ta’sischilari tomonidan tugatilishi to‘g‘risida qaror qabul qilingan Ishonch Plyus Hamkor mikromoliya tashkiloti davlat reyestridan chiqarildi.
Shu bilan birga, banklarning moliyaviy holati bo‘yicha 12 ta masala muhokama qilindi. Unga ko‘ra, uchta bank iqtisodiy me’yorlar va qonunchilik talablariga rioya qilmagani uchun ogohlantirilib, beshta bankka o‘tkazilgan inspeksiya tekshiruvlari davomida aniqlangan qoidabuzarliklar sababli jarima sanksiyalari qo‘llanildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan tijorat banklarida omonat stavkalarining pasayishi boshlangani haqida yozgandi.