Samarqandda ilmiy-texnologik sanoat parki barpo etiladi

O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Kasimov Xitoyning «Xinjiang New Vision Investment Development Company» va «Envision Energy» kompaniyalari rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuvda Samarqand viloyatida 300 gektar maydonda yirik ilmiy-texnologik sanoat parki barpo etish loyihasi muhokama qilindi.
Loyiha doirasida ilmiy-tadqiqot va logistika zonalarini tashkil etish hamda turli sanoat tarmoqlarida 12 ta yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Bu tashabbus innovatsion texnologiyalar almashinuvini faollashtirish, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish va O‘zbekiston – Xitoy sarmoyaviy hamkorligini kengaytirishga xizmat qiladi.
«Xinjiang New Vision Investment and Development Company» Urumchidagi iqtisodiy va texnologik rivojlanish zonasida joylashgan bo‘lib, strategik investitsiya loyihalarini amalga oshirish va ishlab chiqarish zonalarini boshqarishda katta tajribaga ega.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xitoy ko‘magida Qoʻqonda akkumulyator ishlab chiqaruvchi zavod ochilgani haqida xabar bergan edi.