Toshkent aeroportida ilk milliy taomlar restorani ochildi

Toshkent xalqaro aeroportining «Steril» hududida «Milliy» nomli birinchi o‘zbek milliy taomlari restorani ochildi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar berdi.
Ushbu yangi gastronomik maskan yo‘lovchilarga o‘zbek oshxonasining boy ta’m-maza olami bilan tanishish imkoniyatini beradi.

Restoran menyusida bir necha turdagi osh va somsa, mastava, moshxo‘rda, kabob, turli salatlar va shirinliklar, shuningdek, issiq va sovuq ichimliklar bor. Ichki bezagi milliy uslubda yaratilgan bo‘lib, mehmonlar uchun qulay va o‘ziga xos muhit hosil qiladi.

E-auksion.uz platformasidagi tanlov natijasiga ko‘ra, Orient Intertrade CO kompaniyasi 106 kvadrat metr lot bo‘yicha g‘olib deb topilgan va ushbu restoranni ochishga muvaffaq bo‘lgan. 60 o‘rinli «Milliy» restorani kunu tun rejimida ishlaydi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent aeroportida yangi yuk terminali ochilgani haqida yozgandi.