
Zamonaviy smartfonlar haqida turli fikrlar mavjud bo‘lib, ba’zilar ularning mustahkam emasligini aytsa, boshqalar ishlab chiqaruvchilarni sifatsiz materiallar va tez eskiradigan texnologiyalar bilan ayblaydi.
Biroq texno bozorga ishonchli va uzoq xizmat qiladigan smartfonlar ham taqdim etiladi. AndroidInsider nashri 2025-yilda eng bardoshli va uzoq umr ko‘radigan beshta smartfon reytingini e’lon qildi.
Ushbu maqolada quyidagilarni bilib olish mumkin:
- Samsung Galaxy S24 FE — arzon va ishonchli tanlov
- OnePlus Nord 4 — kuchli protsessor va metall korpus
- Vivo iQOO Neo 10 5G – «uzoqqa yetadigan» akkumulyator
- iPhone 15 Plus — eng ishonchli Apple smartfoni
- OPPO A60 — budjetbop, eng chidamli smartfon
Samsung Galaxy S24 FE — arzon va ishonchli tanlov

Samsung flagman darajasiga yaqin bo‘lgan Galaxy S24 FE modeli kuchli texnik xususiyatlari, sifatli kamerasi va yorqin AMOLED–displeyi bilan ajralib turadi. Smartfondagi yetti yil davomida yangilanish kafolati uni uzoq muddat foydalanish uchun eng yaxshi variantlardan biriga aylantiradi.
Ushbu model suv va changdan himoya (IP68) tizimiga, uzoq muddatli dasturiy qo‘llab-quvvatlashga va kuchli akkumulyatorga ega. Yagona kamchiligi sifatida Exynos protsessori ko‘rsatildi, lekin benchmark testlarida u yaxshi natijalar ko‘rsatgan.
Shuningdek, Samsung Galaxy S24 FE arzon narxi bilan xarid qilishga qulay smartfonlar Top beshtaligida birinchi o‘rinni egalladi. O‘zbekistonda bu modelning narxi 5 mln 800 ming so‘mdan 8 mln so‘mgacha boradi.
OnePlus Nord 4 – kuchli protsessor va metall korpus

2024-yilda e’tibordan chetda qolgan bo‘lsa-da, OnePlus Nord 4 smartfoni bugungi kunda eng muvaffaqiyatli modellardan biri hisoblanadi. Unda kuchli Snapdragon 7 Plus Gen 3 protsessori, 100 Vt tezkor quvvat olish imkoniyati va bardoshli metall korpus mavjud.
Ushbu smartfonning kamchiligi sifatida yuqori sifatga ega bo‘lmagan kamerasi ko‘rsatildi. O‘zbekistonda bu model 4,5-5 mln so‘m atrofida baholanmoqda.
Vivo iQOO Neo 10 5G – «uzoqqa yetadigan» akkumulyator

Vivo iQOO Neo 10 5G – nisbatan kam tanilgan, ammo ishonchli va uzoq xizmat qiladigan smartfonlardan biri. U 6100 mAs sig‘imli akkumulyatori va 120 Vt tezkor quvvat olish imkoniyati bilan ajralib turadi. Snapdragon 8 Gen 3 protsessori tufayli smartfon yuqori unumdorlikni ta’minlaydi.
Shuningdek, smartfon o‘yinlar uchun mos keladigan yuqori chastotali ekran (144 Gs)ga ham ega. OnePlus Nord 4 singari ushbu modelning ham kamera sifasi xarid qiluvchilarga ma’qul kelmagan.
O‘zbekistonda bu smartfonni 4-4,5 mln so‘m atrofida xarid qilsa bo‘ladi.
iPhone 15 Plus – eng ishonchli Apple smartfoni

Apple kompaniyasi har doim o‘z smartfonlarining uzoq umr ko‘rishini kafolatlaydi va iPhone 15 Plus bundan mustasno emas. Undagi A16 Bionic protsessori, 6 GB RAM, katta 4383 mAs akkumulyator va USB Type-C porti uni eng ishonchli variantlardan biriga aylantiradi.
Ammo ushbu smartfon narxi yuqori baholanmoqda. O‘zbekistonda narx 7 mln so‘mdan 16 mln so‘mgacha boradi.
OPPO A60 – budjetbop, eng chidamli smartfon

Arzon va ishonchli Android smartfon izlayotganlar uchun OPPO A60 eng yaxshi variantlardan biri. U Snapdragon 680 protsessori, IP54 himoya darajasi, mustahkam korpusi va uzoq muddat xizmat qilish imkoniyati bilan ajralib turadi.
Ishlash tezligi unchalik bo‘lmasa-da, chang va suvdan himoya (IP54) hamda ishonchli texnologiyalar bilan jihozlangan. Ushbu smartfonni O‘zbekistonda 1,5 mln so‘mdan 3 mln so‘mgacha bo‘lgan narxlarda xarid qilish mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xiaomi 15 Ultra’ni Toshkentda suratga oldik – narxlar qanchadan boshlanishi haqida yozgandi.