Fuqarolarning maishiy chiqindidan asossiz qarzlari bekor qilindi

Raqobat qo‘mitasi maishiy chiqindi tashish xizmati bilan bog‘liq iste’molchilar shikoyatlarini o‘rganib, asossiz hisoblangan qarzdorliklarni bekor qildi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Jumladan, Andijonda fuqaro xonadoniga chiqindi xizmati ko‘rsatilmagan bo‘lsa-da, unga 600 ming so‘m qarzdorlik hisoblangan. Shu kabi holat Samarqand, Farg‘ona va Jizzaxda ham kuzatilgan.
Qashqadaryoda esa iste’molchi «Qashqadaryo Eko-Trans» MCHJga texnik nosozlik sababli bir necha bor to‘lov qilgan, natijada ortiqcha 576 ming so‘m mablag‘ yechib olingan. O‘tkazilgan tekshiruvdan so‘ng esa 384 ming so‘m qaytarilgan.
Toshkent shahrida fuqaro maishiy chiqindi tashish xizmati uchun 270 ming so‘m to‘lov qilgan bo‘lsa-da, unga 217 ming so‘m qo‘shimcha qarzdorlik hisoblangan. Mutaxassislar aralashuvi bilan barcha holatdagi qarzdorliklar bekor qilingan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan birjada asossiz olingan 80 mlrd so‘mga yaqin mablag‘lar qaytarilgani haqida yozgandi.