
Samsung S25 Ultra o‘zi qanday smartfon? Samsung’ning yangi flagmani – Galaxy S25 Ultra o‘zining chiqarilishi bilan muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ba’zi foydalanuvchilar uni avvalgi model – Galaxy S24 Ultra bilan juda o‘xshash deb hisoblashsa, boshqalar sun’iy intellektga haddan tashqari urg‘u berilgani va S Pen dan Bluetooth funksiyasi olib tashlanganidan norozi bo‘lishdi. Kursiv Uzbekistan nashri Sammobile nashriga tayanib to‘liq ma’lumot berdi.
Dizayn
Samsung bu yil Galaxy S25 Ultra dizaynini sezilarli darajada o‘zgartirdi. Ilgari Galaxy Note qatoriga xos bo‘lgan o‘tkir burchakli dizayn o‘rniga yumaloq chekkali shakl joriy qilindi. Natijada telefon avvalgilariga qaraganda yanada qulayroq bo‘lib, qo‘lda ushlashda noqulaylik tug‘dirmaydi.
Shuningdek, Titan materiali ishlatilgani sababli Galaxy S25 Ultra yengilroq va ingichkaroq bo‘ldi. Shu bilan birga, u avvalgidek IP68 himoya darajasi bilan ta’minlangan, biroq Xitoy va Apple flagmanlari bilan solishtirganda bu jihatdan orqada qolmoqda.






Displey
Yangi model AMOLED panel bilan ta’minlangan bo‘lib, 120 Gts yangilanish tezligi, Super HDR va ingichka ramkalar bilan ajralib turadi. Asosiy innovatsiya esa Corning Gorilla Armor 2 oynasi bo‘lib, u:
- Aks ettirishni 75% gacha kamaytiradi,
- Ko‘rish qulayligini sezilarli darajada yaxshilaydi,
- Yorqin quyosh nurlari ostida ham kontentni aniq ko‘rish imkonini beradi.
Bundan tashqari, Samsung S24 Ultra displeyidagi donadorlik muammosi hal qilingan. Yangi modelning ekran hajmi 6,9 dyuym ga yetgan, bu esa Ultra modellar orasida eng yirik displey hisoblanadi.

S Pen
Samsung S Pen dan Bluetooth funksiyasini olib tashladi. Endi foydalanuvchilar Air Actions imo-ishoralari yoki masofadan suratga olish kabi funksiyalardan foydalana olishmaydi. Kompaniyaning ta’kidlashicha, ushbu funksiyadan atigi 1% foydalanuvchilar foydalanishgan, shu sababli bu o‘zgarish qilingan. Biroq, bu ko‘plab muxlislar uchun negativ o‘zgarish bo‘ldi.
Biroq S Pen ning asosiy vazifalari – chizish, yozish va tezkor qo‘l yozuvi tanib olish funksiyalari saqlanib qolgan. Yangi Galaxy AI funksiyalari tufayli Sketch to Image texnologiyasi kiritilgan bo‘lib, u oddiy eskizlarni real vizual tasvirlarga aylantira oladi.

Kamera
Galaxy S25 Ultra kamerasi oldingi avlodga juda o‘xshash bo‘lib, Samsung bu borada sezilarli o‘zgarishlar kiritmagan. Lekin:
- Optik zum imkoniyatlari yaxshilangan,
- Sun’iy intellekt yordamida surat sifatini oshirish funksiyalari takomillashtirilgan.
Biroq ba’zi foydalanuvchilar Samsung’ni Xitoy flagmanlarining surat sifati bilan raqobatlasha olmaslikda ayblashmoqda.








1 kun emas, 2 kun ishlaydi
Galaxy S25 Ultra kuchli yuklama ostida ham uzoq muddat ishlash qobiliyatiga ega. Kun davomida YouTube videolarini tomosha qilish, Slack orqali ish muhokamalari, WhatsApp orqali do‘stlar bilan muloqot qilish, veb-sahifalarni ko‘rish va kamida 30 daqiqa davomida kamera bilan suratga olish kabi vazifalarni bajarganda ham telefon quvvati bir kunda tugamaydi. Ekran faolligi 8+ soatga yetishi mumkin, yengil foydalanishda esa batareya ikki kun davom etadi.
Galaxy S24 Ultra bilan taqqoslaganda asosiy farq qurilma bo‘sh holatda turganda seziladi. Samsung shuningdek, avvalgi modellar duch kelgan muammolardan birini hal qildi: batareya quvvati 1% ga yetganda qurilmaning birdan o‘chib qolishi muammosi endi yo‘q. Endi quvvati kam qolganida ham telefon birdan o‘chmaydi va zaryadlovchiga shoshilish shart emas.
Zaryadlash tezligi o‘zgarmagan
Samsung zaryadlash tezligi borasida katta o‘zgarish qilmagan. 45 Vt quvvatga ega zaryadlovchi yordamida Galaxy S25 Ultra taxminan 65 daqiqada to‘liq quvvatlanadi. Yarim soatlik zaryadlash esa telefonni 60-70% darajasigacha quvvatlaydi.
Simsiz zaryadlash avvalgi flagmanlar bilan bir xil bo‘lib, 15 Vt quvvatni qo‘llab-quvvatlaydi. Qi2 simsiz zaryadlash texnologiyasi qo‘llangan, biroq buning uchun maxsus magnitli yoki MagSafe g‘ilofidan foydalanish talab etiladi.
Bundan tashqari, Samsung One UI’ga batareya sog‘lig‘i va zaryadlash davrlari haqidagi ma’lumotlarni qo‘shishni rejalashtirmoqda. Hozircha bu funksiya barcha bozorlarda mavjud emas, ammo keyinchalik kengroq joriy etilishi kutilmoqda.
Galaxy AI
Samsung kompaniyasining Galaxy S25 seriyasi sun’iy intellekt imkoniyatlarini maksimal darajada taqdim etishga qaratilgan bo‘lib, uning markazida Galaxy AI texnologiyasi turadi. Ushbu smartfonlarning ko‘plab sun’iy intellektga asoslangan xususiyatlari Google Gemini bilan integratsiya qilingan, bu esa foydalanuvchilarga yanada soddalashtirilgan tajribani taqdim etadi.
Galaxy AI yordamida foydalanuvchilar Sketch to Image funksiyasidan foydalanib, eskizlardan yangi tasvirlar yaratishi, matnlarni yaxshiroq tuzishi va grammatik jihatdan to‘g‘ri shakllantirishi mumkin. Generativ tahrir imkoniyati esa rasmlardagi obyektlarni olib tashlash va sahnani muvozanatli saqlashda yanada takomillashtirildi.
Eng katta innovatsiyalardan biri bu – Audio Eraser funksiyasidir. Mazkur sun’iy intellekt yordami bilan videolardan fon shovqinlarini, musiqa yoki boshqa istalmagan tovushlarni o‘chirish mumkin. Bu, ayniqsa, kontent yaratuvchilari uchun katta imkoniyat yaratadi.


Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samsung A56 o‘zi qanday smartfonligi haqida yozgan edi.