
Fevral oyda Yevropa bozorida Tesla elektromobillarining sotuvlari 17 ming donani tashkil etib, yillik koʻrsatkichga nisbatan 39,2 foizga pasaydi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, fevral oyida Yevropa mamlakatlarida Tesla elektromobillarining ulushi umumiy bozor hajmining 10,3 foizini tashkil etdi. Oʻtgan yilning shu davrida bu koʻrsatkich 21,5 foizni tashkil etgan.
Nashr yevropaliklarning Teslaʼga qiziqishi pasayishi elektromobillar seriyasining eskirgani va bozorda raqobat kuchayib borayotgani bilan bogʻlanmoqda. Kompaniya bosh direktori Ilon Maskning oʻng siyosiy partiyalar bilan hamkorligi ham vaziyatga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Shu bilan birga, Yevropa mamlakatlarida elektromobillar savdosi yil davomida 23,7 foizga, gibridlar esa 19 foizga oshdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQSh prezidenti Donald Tramp Maskni qoʻllab-quvvatlash uchun yangi Tesla sotib olishi haqida yozgan edi.