
BYD kompaniyasining yangi elektr krossoveri Sealion 05 EV Xitoy bozorida $16,2 ming boshlang‘ich narxi bilan sotuvga qo‘yildi. Ushbu SUV 110 litr hajmdagi old bagaj, muzlatgich, ilg‘or haydashga yordam berish tizimi va 520 km masofani bosib o‘tish imkoniyati bilan e’tiborga molik. Bu haqda CarNewsChina nashri ma’lum qildi.
Modelning asosiy xususiyatlari
BYD Sealion 05 EV ixcham krossover bo‘lib, e-Platform 3.0 Evo arxitekturasiga asoslangan. Uning dizayni Ocean Aesthetics uslubida ishlab chiqilgan bo‘lib, old LED chiziqli faralar va minimalistik kapot shakliga ega. G‘ildirak arkalari atrofidagi plastik elementlar avtomobilga kuchliroq ko‘rinish beradi.
SUV’ning uzunligi 4520 mm, kengligi 1860 mm, balandligi 1630 mm, g‘ildiraklar bazasi esa 2720 mm. 600 litrlik asosiy yukxonasidan tashqari, orqa o‘rindiqlar yig‘ilganda 1460 litrgacha kengaytiriladi. Shuningdek, 110 litrlik old bagaj ham mavjud.
Salon qismi zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan: 12,8 dyuymli markaziy ekran, 8,8 dyuymli LCD asboblar paneli va rul ustuniga o‘rnatilgan vites o‘tkazish tizimi bilan ta’minlangan. Bundan tashqari, avtomobil sovitish va isitish funksiyalariga ega saqlash qutisi, simsiz telefon zaryadlash paneli va «Xudoning ko‘zi» DiPilot 100 haydash tizimi bilan jihozlangan.

Texnik ko‘rsatkichlari va narxlari
BYD Sealion 05 EV orqa aksga o‘rnatilgan 140 kVt (188 ot kuchi) quvvatga ega elektr motor bilan ta’minlangan. Model 50 kVt/soat LFP batareyasi bilan 430 km masofa yurishi mumkin. Kuchliroq versiyasi esa 160 kVt (215 ot kuchi) quvvat va 60,9 kVt/soat batareya bilan 520 km yurish imkonini beradi.
Uch xil komplektatsiyada taqdim etilayotgan avtomobilning narxi $16,2 – $19 ming orasida. Shu bilan birga, BYD Sealion 05 DM-i gibrid versiyasi $14,1 – $19,6 ming narxda sotuvga chiqarilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan BYD oʻzining Leopard 3 elektromobilini taqdim etgani haqida xabar bergan edi.