Banklar va moliya

Delta yillik 28 foiz daromadlilik bilan obligatsiyalarni savdoga qo‘yadi

Bu obligatsiyalar bilan o‘rtacha foiz stavkasidan 6 foiz ko‘proq daromad olish mumkin
Delta
Foto: 2gis.uz

Ertaga, 27-martdan Delta mikromoliya tashkiloti 10 mlrd so‘mlik obligatsiyalarini savdoga chiqaradi. Bu haqda Toshkent fond birjasi xabar berdi.

Obligatsiyalar fond birjasining kotirovka ro‘yxatiga DMMT2B tikeri bilan kiritiladi. Ushbu jarayon 11-martda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Kompaniya har birining nominal qiymati bir million so‘mlik 10 mingta obligatsiya chiqaradi. Obligatsiyalarning yillik daromadlilik stavkasi 28 foizni tashkil etadi.

Markaziy bankning milliy valyutadagi bank depozitlari bo‘yicha fevral oyi stavkalari 22,1 foizni tashkil qilgan. Unga ko‘ra, Delta’ning 28 foiz obligatsiyalari bilan 6 foiz ko‘proq daromad olish mumkin.

Ma’lumot uchun, Delta 2009-yilda tashkil etilgan. Bugungi kunda kompaniyaning ustav kapitali 42 mlrd so‘mni tashkil etadi. Beshta ta’sischiga ega.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Agat Credit yillik 29 foiz daromadlilik bilan obligatsiyalar savdosini boshlashi haqida yozgandi.