Yangiliklar

Mercedes-Benz o‘z ixtiyori bilan ishdan bo‘shagan xodimlariga $543 ming beradi

Kompaniya bu bilan 2027-yilgacha 5 mlrd yevro tejamoqchi
Mercedes-Benz
Mercedes-Benz o‘z ixtiyori bilan ishdan bo‘shagan xodimlariga $540 ming beradi / Foto: Unsplash

Germaniyaning Mercedes-Benz kompaniyasi xodimlarga ixtiyoriy ravishda ishdan bo‘shash evaziga 500 ming yevro(qariyb $543 mingga yaqin) kompensatsiya taklif qilmoqda. Bu haqda DPA nashri xabar berdi.

Dastur ishlab chiqarish bilan bevosita bog‘liq bo‘lmagan taxminan 30 ming xodimni qamrab oladi. Shaxsiy takliflar yaqin haftalarda yuborilib, qaror shu yilning 31-iyulgacha qabul qilinadi.

Kompaniyaning maqsadi xarajatlarni qisqartirish va 2027-yilgacha besh mlrd yevro tejashdan iborat. Buning uchun rahbariyat majburiy qisqartirishlar o‘rniga moliyaviy rag‘batlantirish strategiyasini tanladi. Dastur asosan ma’muriy xodimlarga qaratilgan bo‘lib, to‘lov miqdori ish staji va maoshga bog‘liq.

Maksimal 500 ming yevro kompensatsiyani kompaniyada uzoq yillik tajribaga ega bo‘lgan xodimlar olishlari mumkin. Masalan, 55 yoshli bo‘lim rahbari, 30 yillik ish tajribasi va 9 ming yevro maosh bilan, agar o‘z xohishi bilan ishdan bo‘shashga rozi bo‘lsa, shunday miqdorda to‘lov oladi. 45 yoshli menejer, 20 yillik ish tajribasi va 7,5 ming yevro maosh bilan 300 ming yevro, 30 yoshli xodim, olti ming yevro daromad bilan esa 100 ming yevro olishi mumkin.

«Mercedes-Benz o‘z xodimlari oldidagi mas’uliyatini tan oladi. Biz ijtimoiy jihatdan mas’uliyatli va adolatli tarzda harakat qilamiz», – dedi kompaniya vakili.

Mercedes-Benz taklifni rad etgan xodimlar ishdan bo‘shatilmasligini va agar muhim mutaxassislar ketishni istasalar ham, ularni saqlab qolish rejalashtirilganini aytdi. Bunday yondashuv ma’muriy xodimlarni 2034-yilgacha qisqartirishdan himoya qiluvchi kasaba uyushmasi bilan tuzilgan kelishuv bilan bog‘liq.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan USAID butun dunyo boʻylab xodimlarini ommaviy qisqartirishni boshlagani haqida yozgandi.