Kommunal xizmatlar bo‘yicha 84,8 mln so‘mlik qarz bekor qilindi

Kommunal xizmatlar murojaatlar Raqobat qo‘mitasi tomonidan ijobiy hal qilindi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati ma’lum qildi.
Jizzax viloyati
«Simpl trade group» MCHJ rahbari suv ta’minoti kompaniyasidan shikoyat qildi. «Jizzax suv ta’minoti» AJ tomonidan 61 mln so‘m noreal qarz hisoblangan. Qo‘mita arizani ko‘rib chiqib, bu qarzdorlikni bekor qilish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
Namangan viloyati
«Oq-qum marvaridi» baliqchilik xo‘jaligi rahbari elektr ta’minoti bo‘yicha 20,3 mln so‘m asossiz qarz yuklanganidan norozi bo‘ldi. Tekshiruv natijasida qarz noqonuniy ekani aniqlandi va bekor qilindi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Nukusda yashovchi fuqaro oldindan to‘lov qilgan bo‘lsa-da, 1,2 mln so‘m asossiz qarzdorlik yuklangan. Tekshiruv natijasida bu summaning noto‘g‘ri hisoblangani aniqlandi va qayta hisob-kitob qilindi.
Navoiy viloyati
Karmana tumanida fuqaro elektr hisoblagichni o‘rnatish uchun 323 000 so‘m to‘lagan. Ammo hisoblagich vaqtida o‘rnatilmagan. Qo‘mita aralashuvi bilan hisoblagich tizimga ulandi.
Farg‘ona viloyati
Oltiariq tumanida yashovchi fuqaro suyultirilgan gaz yetkazib berilmagani haqida shikoyat qildi. Qo‘mita tekshiruvi natijasida 5-mart kuni unga 2 dona gaz balloni yetkazildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent va Samarqandda uchta AYQSH sifatsiz benzin sotgani aniqlangani haqida xabar bergan edi.