Oʻzbekistonda bozorlardagi hokimlik ishtiroki bekor qilinadi

Oʻzbekistonda bozorlarda mahalliy hokimlikning majburiy ishtirok etish talabi bekor qilinadi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev 27-mart kuni davlat mulkini xususiylashtirish boʻyicha oʻtkazilgan kengaytirilgan yigʻilishda ma’lum qildi.
Yigʻilishda xususiylashtirish jarayonidagi sustkashliklar tanqid qilindi. Xususan, hududlarning imkoniyatlari oʻrganilmasdan 1,5 ming gektar yer auksionga chiqarilgan, biroq bir yildan beri sotilmagan. Shuningdek, davlat ulushi mavjud 243 ta mulk hali ham tegishli organlarga topshirilmagani qayd etildi.
Prezident 2025-yilda xususiylashtirish boʻyicha quyidagi maqsadlarni belgiladi:
- 30 trillion soʻmlik davlat mulkini sotib, budjetga kamida 10 trillion soʻm tushum kiritish;
- 116 ta korxonadagi davlat ulushini va 581 ta koʻchmas mulk obyektini sotuvga chiqarish;
- 6,1 ming gektar yerni auksion orqali sotib, 6 trillion soʻm tushum tushirish;
- 300 ta kon va maydonni investorlar eʼtiboriga taqdim etish.
Shuningdek, tadbirkorlarga kamida besh yil ijarada foydalangan davlat mulkini toʻgʻridan toʻgʻri sotib olish huquqi beriladi. Hozirda bunday 632 ta obyekt mavjud boʻlib, ularni ijarachilarga sotish orqali 2 trillion soʻm tushum olish rejalashtirilmoqda.
Bozorlar boʻyicha yangi tartibga koʻra, mahalliy hokimliklarning ulushi kamida 51 foizni tashkil etgan 537 ta bozor va savdo majmualarining davlat ishtiroki bekor qilinadi.
Shuningdek, uzoq vaqt sotilmay qolgan maydoni kichik yer uchastkalari birlashtirilib, qayta auksionga chiqariladi. Toshkent shahrida esa 102 ta samarasiz bino va 97 gektar boʻsh yer auksionga qoʻyilishi boshlangan.
Shu bilan birga, yigʻilishda davlat korxonalarini xalqaro bozorga olib chiqish ham muhokama qilindi. 2025-yilgacha 38 ta yirik korxona aksiyalari ommaviy savdoga chiqarilishi belgilandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentda bozor patta pullari oshirilgani haqida xabar bergan edi.