O‘zbekistonda uzunligi 26 metrlik kupe va plaskart vagonlar ishlab chiqarildi

eʼlon qilindi
Bu yil 70 ta vagon qurish rejalashtirilgan
O‘zbekiston temir yo‘llari
O‘zbekistonda uzunligi 26 metrlik kupe va plaskart vagonlar ishlab chiqarildi. Foto: O‘zbekiston temir yo‘llari/Facebook

O‘zbekistonda 26 metrlik yangi kupe va plaskart vagonlari ishlab chiqarilmoqda. Bu haqda «O‘zbekiston temir yo‘llari» matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, 2024-yil 19-mart kuni «Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodi»ga prezident tashrifi davomida bergan topshiriqlar ijrosi doirasida zavod yangi yo‘lovchi vagonlarini ishlab chiqarishni boshlagan.

2024/2025-yillarda «Yangi O‘zbekiston» timsoli asosida zamonaviy dizaynga ega 61-950 va 61-951 modeldagi 26 metrlik yangi kupe va plaskart vagonlari ishlab chiqarilmoqda. Ushbu vagonlar keng yotoq joylari va har bir kupe uchun alohida harorat boshqarish pult, ekologik toza hojatxonalar va zamonaviy suv qaynatkichlar, mobil qurilmalarni quvvatlash moslamalari hamda videokuzatuv tizimi, xavfsizlik nazorati bilan jihozlangan.

Shuningdek, zavod tomonidan ishlab chiqarilgan 12 ta vagondan iborat dizel poyezd qisqa muddatda Toshkent – Buxoro – Toshkent yo‘nalishida harakatlana boshladi. Ushbu poyezdda ikkita VIP, to‘rtta biznes-klass, to‘rtta ekonom-klass, bitta restoran va bitta dizel vagon bor.

Ma’lumot uchun, 2024-yilda 35 ta yo‘lovchi vagoni ishlab chiqarilgan bo‘lsa, 2025-yilda 70 ta yangi zamonaviy vagon qurish rejalashtirilgan. Kelgusida esa yiliga 100 tagacha vagon ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.

Mazkur dizel poyezd yo‘lovchilari uchun qulay harorat tizimi yaratilgan bo‘lib, sovitish va isitish tizimi butun yo‘l davomida uzluksiz ishlaydi. Bundan tashqari, zavodda ishlab chiqarilgan yo‘lovchi vagonlarining qo‘shni davlatlarga eksporti ham yo‘lga qo‘yilgan.

Avvalroq «Kursiv» «O‘zbekiston temir yo‘llari» Xitoyga rekonstruksiya uchun ikkita lokomotiv yuborgani haqida yozgandi.

Shuningdek