Barcha farmatsevtika va tibbiyot kompaniyalari QQS to‘lovchisiga aylanadi

2025-yil 1-apreldan boshlab farmatsevtika mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi yoki tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar daromadidan qat’iy nazar QQS to‘lovchisi bo‘ladi.
Bu jarayonda soliq organlari Onlayn-NKT, EHF va boshqa ma’lumotlar asosida QQS hisobotlarini avtomatik shakllantirish tizimini joriy etadi. Ushbu yangi tartib Soliq kodeksiga tegishli o‘zgartirishlar kiritilgandan so‘ng kuchga kiradi.
Amaldagi soliq tartibi
Hozirda farmatsevtika mahsulotlarini sotuvchi yoki tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar uchun quyidagi soliq rejimi amal qiladi:
- daromadi 1 mlrd so‘mdan oshmaydiganlar – aylanmadan olinadigan soliq to‘laydi;
- daromadi 1 mlrd so‘mdan ko‘p bo‘lganlar – QQS (12%) va foyda solig‘i (15%) to‘lashga o‘tadi.
Shuningdek, ijtimoiy soha faoliyatini amalga oshiruvchi soliq to‘lovchilar uchun foyda solig‘i stavkasi 0 foiz etib belgilangan.
Dorixonalar uchun soliq stavkalari
Ulgurji va chakana dori vositalarini sotuvchi dorixonalar:
- 100 ming va undan ko‘p aholiga ega shaharlarda – 3 foiz;
- boshqa aholi punktlarida – 2 foiz;
- tog‘li va borish qiyin bo‘lgan hududlarda – 1 foiz.
Bundan tashqari, soliq to‘lovchilar qat’iy belgilangan summada aylanmadan olinadigan soliq to‘lash huquqiga ega.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2028-yilgacha QQS va foyda solig‘i stavkalari oshmasligi haqida xabar bergan edi.