Toshkent va Samarqandda uchta AYQSH sifatsiz benzin sotgani aniqlandi

Raqobat qo‘mitasining hududiy boshqarmalari tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda AYQSHlarda sotilayotgan avtomobil benzini sifatini tekshirdi. Bu haqda qo‘mita xabar berdi.
Jumladan, Toshkent viloyatida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida Black gold energy MCHJ(AI-92 va AI-95 markali) hamda Safomax oil MCHJ (AI-92 markali) AYQSHlarida sotilayotgan benzin namunalarining sifat tahlillari davlat standartlariga mos kelmasligi aniqlandi.
Samarqand viloyatining Jomboy tumanidagi Happy oil MCHJga qarashli AYQSHda sotilayotgan AI-95 markali benzin ham sifatsiz deb topildi. Mazkur yonilg‘i namunalarining sifati Toshkent markaziy nazorat-kimyo laboratoriyasida tekshiruvdan o‘tkazilib, standart talablariga javob bermasligi tasdiqlandi.
O‘rganishlar natijasida uchta xo‘jalik yurituvchi subyektga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, 22 mln so‘mga yaqin mablag‘ iste’molchilarga qaytarilishi belgilandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan yanvar oyida benzin ishlab chiqarish hajmi necha foizni tashkil etgani haqida yozgandi.