Tramp AQShga import qilinadigan avtomobillarga 25 foizlik boj joriy qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakatga olib kiriladigan avtomobillarga 25 foizlik boj joriy etilishini e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu tariflar AQShda ishlab chiqarilmaydigan barcha avtomobillarga taalluqli bo‘lib, 2-apreldan kuchga kiradi. Bu haqda RBK nashri ma’lum qildi.
Tramp ma’muriyati ushbu bojlar orqali AQSh iqtisodiyotiga yiliga $100 mld daromad kelishini kutmoqda. U «katta uchlik» – Ford, General Motors va Stellantis vakillari bilan uchrashib, yangi qoidalar bo‘yicha maslahatlashganini ham ta’kidladi.
Trampning bu qarori fond bozoriga ta’sir o‘tkazdi – General Motors va Ford Motors aksiyalari 5 foizdan ortiq pasayib ketdi. Avtomobil bozoridagi yirik ishlab chiqaruvchilar, jumladan, Toyota va BMW yangi bojlar AQShda avtomobillar narxining oshishiga, iste’molchilar tanlovining torayishiga va ish o‘rinlarining qisqarishiga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.
Trampning qaroriga xalqaro hamjamiyat ham munosabat bildirdi. Kanada bosh vaziri Mark Karni buni mamlakat iqtisodiyotiga «to‘g‘ridan to‘g‘ri hujum» deb atab, Ottava o‘zining javob choralari ustida ishlayotganini bildirdi. Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Leyen esa Yevropa Ittifoqi muzokaralar yo‘li bilan murosaga erishishga harakat qilishini aytdi.
Mart oyida Tramp Meksika va Kanadadan import qilinadigan tovarlarga ham 25 foizlik boj joriy qilgan, biroq avtomobillar va ehtiyot qismlar uchun cheklovni vaqtincha kechiktirgan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tramp Meksika chegarasiga harbiy nazoratdagi bufer zonasini qurdirmoqchi ekani haqida xabar bergan edi.