Uzum ekotizimi 300 mlrd so‘mlik obligatsiyalarni ro‘yxatdan o‘tkazdi

eʼlon qilindi
Bu haqda Uzum matbuot xizmati Kursiv Uzbekistan'ga ma’lum qildi
Foto: Uzum

O‘zbekistondagi Uzum raqamli ekotizimi 300 mlrd so‘mlik obligatsiyalar chiqarilishini ro‘yxatdan o‘tkazdi. Bu haqda Uzum matbuot xizmati Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi.

Taqdim etilgan obligatsiyalar bo‘yicha yillik kupon stavkasi 25 foiz qilib belgilangan bo‘lib, ularning muomala muddati ikki yilni tashkil etadi. Obligatsiyalar «Toshkent» Respublika fond birjasida joylashtiriladi va muomalada bo‘ladi.

Mazkur qimmatli qog‘ozlarni chiqarishdan tushgan mablag‘lar Uzum fintech yo‘nalishini rivojlantirish va kengaytirishga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan. Kompaniya vakillarining ta’kidlashicha, bu qarz kapitali bozorini rivojlantirishga qaratilgan muhim qadam bo‘lib, mamlakat iqtisodiyoti uchun yangi moliyaviy vositalarni taklif etishga xizmat qiladi.

Ma’lumot uchun, Uzum ekotizimi fintech, elektron tijorat va bank xizmatlarini birlashtirgan platforma bo‘lib, uning xizmatlaridan har oyda 15 milliondan ortiq foydalanuvchilar foydalanadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Uzum Market bozoridagi ustun mavqeyi yuzasidan rasmiy munosabat bildirgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek