Yandex Go O‘zbekiston bo‘ylab Joylar xizmatini ishga tushirdi

2025-yil 27-martdan boshlab Yandex Go ilovasidagi Joylar xizmati O‘zbekistonning barcha yirik shaharlarida ishga tushirildi. Bu haqda Yandex matbuot xizmati Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi.
Endilikda foydalanuvchilar ushbu xizmat orqali qulay manzilni tanlash, ro‘yxatdan o‘tish, yo‘lni rejalashtirish va safar uchun mashina buyurtma qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Avval xizmat faqat Toshkentda mavjud bo‘lsa, endi u Samarqand, Buxoro, Nukus, Farg‘ona, Andijon, Namangan va Xivada ham ishga tushdi. Foydalanuvchilar Joylar xizmatida shahar xaritasi va moslashuvchan filtrlardan foydalanib, tashkilotlarni reyting, masofa, ish vaqti, Wi-Fi mavjudligi kabi mezonlar bo‘yicha saralashlari mumkin.
Xizmat turli toifadagi joylarni topishga yordam beradi: mashhur restoran va qahvaxonalardan tortib, go‘zallik salonlari va boshqa muassasalargacha. Joylar profillarida esa tashkilot haqida batafsil ma’lumot – fotosuratlar, ish vaqti, joygacha bo‘lgan masofa hamda mijozlarning fikr-mulohazalarini ko‘rish mumkin.
Shuningdek, foydalanuvchilar muassasalar bilan aloqa qilish uchun turli imkoniyatlardan foydalanishlari mumkin: qo‘ng‘iroq qilish, administrator bilan chat orqali yozish, taksi buyurtma qilish yoki joylashuvga borish uchun yo‘nalish rejalashtirish.
Xizmatdan foydalanishni boshlash uchun Yandex Go ilovasini Google Play yoki App Store’da yangilash kifoya.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Market Yandex Go Oʻzbekistonda apreldan ishga tushirilishi rejalashtirilayotgani haqida xabar bergan edi.