Yangi kasbiy mahorat markazi ochiladi

eʼlon qilindi
Namanganda
kasbiy mahorat markazi
Yangi kasbiy mahorat markazi ochiladi / Foto: DragoscondeaW / www.depositphotos.com

Doha shahrida Progressiv islohotlar markazi va Doha fan va texnologiya universiteti o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi. Mazkur akademik hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan hujjat mamlakatimizning Qatardagi elchixonasi ko‘magida tashkil etildi. Bu haqda Progressiv islohotlar markazi Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi.

2022-yilda Amir Shayx Tamim bin Hamad Ol Soni farmoyishi bilan tashkil etilgan DFTU Qatardagi amaliy, texnik va kasb-hunar ta’limiga ixtisoslashtirilgan birinchi universitet hisoblanadi. Ushbu oliy ta’lim muassasasi biznes, muhandislik, IT, tibbiyot va umumiy fanlarga yo‘naltirilgan 5 ta kollejni o‘z ichiga oladi va 64 mutaxassislik bo‘yicha bakalavr hamda magistr tayyorlaydi.

Tomonlar Namanganda O‘zbekiston – Qatar kasbiy mahorat markazini tashkil etishni rejalashtirgan bo‘lib, ushbu markaz yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash bilan birga, innovatsion texnologiyalarni amaliyotga joriy etishga ko‘maklashadi.

Progressiv islohotlar markazi direktori Mirshohid Aslanovning ta’kidlashicha, markazning ochilishi Farg‘ona vodiysi aholisini zamonaviy texnik ko‘nikmalarni egallash jarayoniga jalb etish, ishsizlik darajasini pasaytirish va yirik sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish uchun malakali kadrlar yetishtirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, yangi markaz kasb-hunar ta’limining rivojlanishiga ham turtki beradi.

Ashraf Xo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, markaz fuqarolar uchun kasbiy rivojlanishning yangi gorizontlarini ochib, xalqaro miqyosda bandlik imkoniyatlarini kengaytiradi. DFTU rektori professor Salim Al-Naimiy ham ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, universitet texnik mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha samarali tizim asosida faoliyat yuritishini ta’kidladi.

Markazdagi mashg‘ulotlar ingliz tilida olib borilib, bitiruvchilarga Yaqin Sharq, Yevropa va Amerikada ishlash imkonini beruvchi xalqaro sertifikat beriladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qatar O‘zbekistondagi IT startaplarga moliyaviy ko‘maklashishi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek