Bojxona postlarida transport vositalari uchun «yashil» va «qizil» yoʻlaklar joriy qilinadi

Joriy yilning sentabr oyidan boshlab bojxona postlarida avtomobillar uchun «yashil» va «qizil» yoʻlaklar ishga tushiriladi. Bu haqda Bojxona qoʻmitasi prezident qaroriga tayanib xabar bermoqda.
Avval bunday yoʻlaklar Toshkent viloyatidagi «Gʻishtkoʻprik» va «Zangiota» va Qoraqalpogʻistondagi «Daut-ota» nazorat-oʻtkazish punktlarida ishga tushiriladi.
Bunda bojxona xodimlari xavfni amaliy tahlil qilish (profillash) asosida transport vositasini «yashil» yoʻlakdan «qizil» yoʻlakka yoʻnaltirish toʻgʻrisida qaror qabul qilishlari mumkin.
Bojxona qoʻmitasining ta’kidlashicha, avtotransport koridorlardan biriga koʻrikdan oʻtkazilgandan keyingina yuboriladi.
Kelgusi yilning sentabr oyi boshidan boshqa chegara postlarida ham shunday tashabbus bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyiladi.
Eslatib oʻtamiz, Kursiv Uzbekistan 1-iyundan 86 turdagi mahsulotga eksport bojxona bojlari undirilishi haqida yozgan edi.