
O‘zbekistonlik figurali uchuvchilar Jahon chempionatida kuchli o‘nlikka kirib, Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. AQShning Boston shahrida bo‘lib o‘tayotgan figurali uchish bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi Jahon chempionatining ikkinchi kuni O‘zbekiston terma jamoasi uchun muvaffaqiyatli kechdi.
Juftlik yo‘nalishidagi erkin dastur bellashuvlarida ishtirok etgan Yekaterina Geynish va Dmitriy Chigiryov 120,68 ochko jamg‘arib, musobaqani umumiy hisobda 183,01 ball bilan 10-o‘rinda yakunlashdi. Sportchilar qisqa dasturda 11, erkin dasturda esa 10-o‘rinni egallashdi.
Ushbu natija ular uchun katta ahamiyatga ega, chunki ular faoliyatidagi ilk Jahon chempionatidayoq 2026-yilda Italiyaning Milan va Kortina-D’Ampezzo shaharlarida o‘tadigan XXV qishki Olimpiya o‘yinlari uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi.

Bundan tashqari, ushbu natija orqali O‘zbekiston figurali uchish terma jamoasi sentabr oyida Pekinda o‘tadigan litsenzion turnirda yana bir yo‘llanma uchun kurash olib borish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, 2026-yilgi Jahon chempionatida ham mamlakatning ishtirokchilari soni bittaga ko‘payib, ikkita vakil qatnashish huquqiga ega bo‘ldi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Dimitriy Chigiryov va Yekaterina Geynish Osiyo chempioni bo‘lgani haqida xabar bergan edi.