Yangiliklar

Raqobat qo‘mitasi 54 ta sifatsiz mahsulotni savdodan qaytardi

Oziq-ovqat mahsulotlari ham bor
Foto: Grigorenko / depositphotos

Raqobat qo‘mitasi tomonidan ichki bozor nazorat xaridlari tadbiri doirasida 31 turdagi jami 157 ta mahsulot sinovdan o‘tkazildi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Natijada 9 ta osh tuzi, 5 ta sut va sut mahsuloti, 3 ta kolbasa va yana 8 turdagi jami 29 ta oziq-ovqat mahsuloti belgilangan normativ-texnik hujjatlarga mos kelmasligi aniqlandi.

Xususan, Qoraqalpog‘istondagi «Tap-Tatti» qandolat mahsuloti va Sirdaryodagi «Salar meat Products» MCHJning «Andalus doktorskaya» kolbasa mahsulotining qadog‘i tamg‘alanish talablariga javob bermagan. Surxondaryoda «Begomotik BONDI» pechenyesining yaroqlilik muddati o‘tib ketgan.

Navoiydagi «Fayzli» osh tuzida yod miqdori ham talabga javob bermagan. Samarqanddagi «Happy oil» MCHJ ishlab chiqargan 95-AI markali benzin sifatsiz deb topilgan. Namangandagi «Sherbuloq qatiq» sut mahsuloti esa iste’molga yaroqsizligi aniqlangan.

Raqobat qo‘mitasi va tegishli organlar ushbu mahsulotlar bo‘yicha ishlab chiqaruvchi korxonalarga qonuniy choralar ko‘rish hamda sifatsiz mahsulotlarni savdodan qaytarish bo‘yicha tegishli organlarga ma’lumot taqdim etdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent va Samarqandda uchta AYQSH sifatsiz benzin sotgani haqida yozgandi.