Tramp joriy qilayotgan bojlar jahon miqyosida oltin narxini oshirdi

AQSH prezidenti Donald Trampning avtomobil importiga bojxona to‘lovlarini joriy etish to‘g‘risidagi qaroridan so‘ng iyun oyidagi oltin fyucherslarining narxi $3,1 mingdan yuqoriga ko‘tarildi. Bu haqda Bloomberg nashri ma’lum qildi.
2025-yil boshidan buyon qimmatbaho metallning narxi kamida 15 marta rekordini yangiladi. Oʻsishlarga asosiy sabab sifatida Tramp ma’muriyati tomonidan yuritilayotgan keskin burilishdagi siyosat koʻrsatilmoqda.
Bloombergning fikricha, aksariyat sarmoyadorlar Trampning boj siyosatini jahon iqtisodiyotiga jiddiy muammo sifatida qaraydi. Yuqori bojlar import qilinadigan tovarlar narxining oshishiga olib keladi.
Avtomobillarga 25 foiz tariflardan tashqari, Tramp boshqa tariflarni qayta koʻrib chiqishga va’da berdi va Kanada, Meksika va Yevropani yanada qattiqroq cheklovlar bilan tahdid qildi.
Shu fonda xususiy investorlar ham, global markaziy banklar ham oltinga sarmoyalarini oshirmoqda. Tahlilchilar oltin narxining bir troya unsiyasi $3,3 minggacha oshishini ham istisno etmaydi.
Eslatib oʻtamiz, Kursiv Uzbekistan oltin bozori Trampning bojlar boʻyicha qarorini kutayotgani haqida yozgan edi.