
Vivo X200 Ultra kamerasi Canon professional kamerasi va iPhone bilan taqqoslandi. Bu haqda Gizmochina nashri ma’lum qildi.
Ushbu model ikkita maxsus tasvirni qayta ishlash chipi – V3+ va yangi VS1 PreISP bilan jihozlangan. Ishlab chiquvchilarning ta’kidlashicha, bu kombinatsiya professional SLR kameralar bilan taqqoslanadigan surat sifatini ta’minlaydi.
VS1 chipi asosiy vazifalarni, jumladan, ekspozitsiyani sozlash, fokuslash va tasvirni birlashtirishni boshqaradi. Bu esa suratga olish barqarorligini sezilarli darajada yaxshilaydi. V3+ chipi esa yanada murakkab jarayonlarga, jumladan, shovqinni bostirish va tasvir tafsilotlarini yaxshilashga javobgar. Snapdragon 8 Elite chipi bilan birga ushbu kombinatsiya tasvir sifati borasida sezilarli yutuqlarga erishish imkonini beradi.

VS1 algoritmlari DSLR kameralarining o‘n minglab tasvirlari asosida o‘qitilgan bo‘lib, aniq va tabiiy yorug‘likni ta’minlaydi. Vivo kompaniyasining bu yondashuvi Google Tensor yoki Apple Deep Fusion kabi raqobatchi texnologiyalardan farq qiladi.
Bundan tashqari, X200 Ultra modeli Zoom Flash deb nomlanuvchi ilg‘or uch tomonlama flesh tizimiga ega. Ushbu tizim obyektning to‘g‘ri yoritilishini ta’minlaydi va ko‘rish maydoniga moslashadi. Bitta flesh tizimi bunday aniqlikni ta’minlay olmasligi sababli Vivo ushbu innovatsion texnologiyani joriy etdi.
Tungi suratga olish imkoniyatlari
Kamera imkoniyatlarini namoyish qilish uchun Vivo X200 Ultra, Canon 5D Mk IV va iPhone 16 Pro Max qurilmalari yordamida kam yorug‘lik sharoitida olingan suratlar taqqoslandi. Natijalarga ko‘ra, X200 Ultra bilan olingan surat iPhone’ga qaraganda yorqinroq bo‘ldi. Shuningdek, kattalashtirilganda obyekt tafsilotlari sezilarli darajada aniqroq ekani kuzatildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Vivo X200 Pro dunyodagi eng kuchli smartfon deb topilgani haqida xabar bergan edi.