IV Toshkent xalqaro investitsiya forumida ilk bor investitsiya koʻrgazmasi tashkil qilinadi – Laziz Kudratov

eʼlon qilindi
O‘zbekiston so‘nggi yillarda $90 milliarddan ortiq toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qildi
Laziz Kudratov. Foto:  ISSV

IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida ilk bor investitsiya koʻrgazmasi tashkil qilinadi. Bu haqda 29-mart kuni forumga bagʻishlangan brifingda Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Kursiv Uzbekistan muxbiri.

Vazirning ta’kidlashicha, Oʻzbekiston soʻnggi yillarda $90 milliarddan ortiq toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qildi. Natijada faqat oʻtgan yilning oʻzida yalpi ichki mahsulot 6 foizga oshdi.

«2030-yilga borib Oʻzbekiston yalpi ichki mahsuloti $200 milliardga yetishi kutilmoqda. Bu maqsadga erishishda xorijiy investitsiyalar katta rol oʻynaydi. Shuning uchun Toshkent Xalqaro Investitsiya Forumi mamlakatimiz uchun muhim platforma boʻlib, investorlar bilan hamkorlikni kuchaytirish va Oʻzbekistonning investitsiyalar uchun jozibador mamlakat sifatidagi imijini targʻib qilishda katta ahamiyat kasb etadi», – deydi Kudratov.

Shuningdek, jami 2022-yildan boshlab oʻtkazib kelingan 3 ta forum davomida $44 mlrdlik 357 ta investitsion kelishuv imzolangani aytildi.

Kudratovning ta’kidlashicha, eng yirik investitsiyalar Saudiya Arabistoni ($10,7 mlrd) hissasiga toʻgʻri keladi. Shuningdek, Xitoy ($7 mlrd), Rossiya ($5,5 mlrd), BAA ($4,6 mlrd), Turkiya ($3,6 mlrd), Germaniya ($3,4 mlrd) va Fransiya ($2 mlrd) bilan ham bitimlar imzolangan.

Forumda 3 mingdan ortiq ishtirokchilar, jumladan, vazirlar, xalqaro moliya institutlari vakillari, yetakchi korporatsiyalar va investitsiya fondlari rahbarlari hamda innovatsiyalar va raqamli transformatsiya bo‘yicha ekspertlar qatnashishi kutilmoqda.

Shuningdek, forum doirasida 11-iyun kuni prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining uchinchi yalpi majlisi boʻlib oʻtishini e’lon qildi. Majlisda yetakchi xalqaro kompaniyalar va yirik xalqaro moliya institutlari rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda.

Eslatib oʻtamiz, IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi 10 – 12-iyun kunlari boʻlib oʻtadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan III Toshkent investitsiya forumida umumiy qiymati $26,6 milliardlik kelishuvlar imzolangani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek