Oʻzbekiston va Qozogʻiston prezidentlari «Medeu» togʻ-changʻi klasteriga tashrif buyurdi

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozogʻiston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Olmaotadagi «Medeu» sport va turizm majmuasiga tashrif buyurdi.
O‘zbekiston rahbarlariga dengiz sathidan 1750 metr balandlikda joylashgan «Medeu» toʻgʻoni haqida ma’lumot berildi. U sel va suv toshqinlaridan himoya qilish maqsadida qurilgan boʻlib, uning tepasiga olib boruvchi 842 pogʻonali «Salomatlik zinapoyasi» mavjud. Shuningdek, 2011-yilda toʻgʻon yonida 4,5 km uzunlikdagi dor yoʻli qurilib, u «Shimbuloq» togʻ-changʻi maskaniga eltuvchi muhim inshootga aylangan.

1972-yilda tashkil etilgan «Medeu» muz maydoni bir vaqtda 3 ming kishini qabul qilish imkoniyatiga ega boʻlib, har yili 400 mingdan ortiq sayyohlar tashrif buyuradi. Bu yerda sport musobaqalari, ommaviy konki uchish, madaniy tadbirlar va festivallar muntazam oʻtkazilib kelinadi. 2011-yilda bu majmua VII qishki Osiyo oʻyinlari, 2017-yilda esa Butunjahon universiada musobaqalariga mezbonlik qilgan.
Tashrif davomida Oʻzbekiston va Qozogʻiston prezidentlari yosh figurali uchuvchilarning koʻrgazmali chiqishlarini kuzatdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev Olmaotada qanday kutib olingani haqida xabar bergan edi.