Xalqaro valyuta jamg‘armasi Ukrainaga $400 million kredit ajratdi

Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) direktorlar kengashi Kengaytirilgan fond dasturi doirasida Ukrainaga $400 million ajratishni ma’qulladi. XVJga ko‘ra, ushbu mablag‘ mamlakatning iqtisodiy barqarorligini saqlab qolish va tiklanish jarayonini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.
XVJ bayonotida ta’kidlanishicha, ushbu dastur noaniqlik sharoitida fiskal, tashqi va makromoliyaviy barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Tashkilotning qayd etishicha, moliyaviy yordam Ukrainaga iqtisodiy tiklanish jarayonida muhim rol o‘ynaydi.
Ukraina uchun kengaytirilgan moliyalashtirish dasturi 2023-yilda ishga tushirilgan bo‘lib, 2027-yilgacha davom etishi rejalashtirilgan. Dastur doirasida jami $15,5 milliard ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yil dekabr oyida XVJ Ukrainaga 1,1 milliard dollarlik moliyaviy yordam transhini ham tasdiqlagan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan XVJ eksperti O‘zbekistonda soliq siyosatini rivojlantirishda yordam berishi haqida xabar bergan edi.