
BYD oʻzining yangi flagman sedani Yangwang U7ʼni chiqardi va bu Yangwang brendi ostidagi birinchi shunday toifadagi avtomobil boʻldi. Bu haqda carnewschina nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, model toʻrt va besh oʻrindiqli versiyalarda, shuningdek, ikkita qurilma – toʻliq elektr (EV) va ulanadigan gibrid (PHEV) variantlarida mavjud. Yangi mahsulotning narxi $86,5 mingdan $98 minggacha.
Shuningdek, avtomobil ilgʻor DiSus-Z osma tizimi, toʻrtta elektr dvigatelga ega e4 platformasi va Godʼs Eye haydovchiga yordam berishning aqlli tizimi bilan jihozlangan. Xaridorlarga kuzovning toʻrt xil rangidan birini tanlash taklif etiladi.
Yangwang U7ʼning elektr versiyasi 960 kVt (1287 ot kuchi) va toʻrtta elektr motor tufayli 1680 N⋅m momentga ega. 0 dan 100 km/soatgacha tezlashish uchun atigi 2,9 soniya ketadi, maksimal tezlik esa 270 km/soatga yetadi. 135,5 kVt/soat sigʻimli batareya CLTC standarti boʻyicha 720 kmgacha yurish zaxirasini ta’minlaydi.

Gibrid versiyasi 2,0 litrli dvigatel va 52,4 kVt/soat akkumulyator bilan toʻldirilgan boʻlib, bu 1000 km, shu jumladan, 200 km elektr quvvati bilan umumiy yurish masofasini beradi. Tezkor quvvatlash tizimi EV uchun 20 daqiqada 30 foizdan 80 foizgacha, PHEV uchun esa 10 daqiqada quvvatni toʻldirish imkonini beradi.
Godʼs Eye tizimi L2+ avtopilot darajasini ta’minlash uchun uchta lidar, beshta radar, 13 ta kamera va 12 ta ultratovush sensorlarini oʻz ichiga oladi.

Eslatib oʻtamiz, elektr versiyasi Mercedes-Benz EQS va BMW i7ʼning Xitoydagi muqobili boʻldi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan BYD yangi Yangwang U7 modelini ilgʻor osma tizim bilan taqdim etishi haqida xabar bergan edi.