
Oʻzbekiston terma jamoasi va Moskvaning «SSKA» klubi yarim himoyachisi Abbosbek Fayzullayev Turkiyaning «Galatasaroy» jamoasi unga qiziqish bildirayotgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.
Futbolchi bu borada hozircha gapirishni istamasligini ta’kidlab, «SSKA» bilan shartnomasi mavjudligi sababli bu mavzuga toʻxtalish klubga nisbatan hurmatsizlik boʻlishini aytdi.
«Hozir bu haqda gapirish vaqti emas. Men “SSKA» futbolchisiman va butun e’tiborim klubimga qaratilgan”, – deya uning soʻzlarini keltiradi Match TV.
Eslatib oʻtamiz, Rossiya Premyer Ligasining 22-turida «SSKA» oʻz maydonida «Dinamo» jamoasini 2:0 hisobida magʻlub etdi. Fayzullayev asosiy tarkibda maydonga tushib, 87 daqiqa harakat qildi. Hozirda klub 41 ochko bilan turnir jadvalining beshinchi pogʻonasida bormoqda.
Ma’lumot uchun, futbolchi joriy mavsum Rossiya Premyer Ligasida 20 ta oʻyin oʻtkazib, 2 ta gol va 3 ta assist qayd etdi. U ayni damda Oʻzbekiston terma jamoasining Jahon chempionati saralash bahslarida 4 ta gol urib, jamoaning eng yaxshi toʻpurari boʻlib turibdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Abbosbek Fayzullayev Turkiyaning grand klubiga oʻtishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.