Tailandda ogʻir kasallikka chalingan oʻzbekistonlik vatanga qaytarildi

Tailandning Pattaya shahrida insultga uchragan oʻzbekistonlik fuqarosi vatanga qaytarildi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, 3-mart kuni Oʻzbekiston fuqarosi insult tufayli shoshilinch tarzda kasalxonaga yotqizilgan va ogʻir jarrohlik amaliyotini boshdan kechirgan. Biroq muolajalarga qaramay, uning tanasining chap tomoni falaj boʻlib qolgan.
Fuqaro Tailandga ishlash maqsadida borgan, ammo tibbiy sugʻurtaga ega boʻlmagani va mehnat shartnomasi tuzmagani tufayli davolanish xarajatlarini qoplashda qiyinchiliklar yuzaga kelgan.
28-mart kuni bemorning yaqinlari, vatandoshlar va homiylarning saʼy-harakatlari bilan tibbiy xarajatlar qoplanib, u Uzbekistan Airways samolyoti orqali Oʻzbekistonga qaytarildi.
Oʻzbekistonning Bangkokdagi Bosh konsulxonasi fuqarolarga xorijga chiqishda tibbiy sugʻurta olish va mehnat shartnomasi tuzish muhimligini eslatib, bu choralar favqulodda vaziyatlarda yordam olishda ahamiyatli ekanini taʼkidladi. Diplomatik vakolatxona xorijda ogʻir ahvolda qolgan fuqarolarga yordam berishda davom etishini maʼlum qildi va ularni salomatlikka eʼtiborli boʻlishga chaqirdi.
Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekistonning Bangkokdagi Bosh konsulligi oʻz fuqarolarini Tailandda yuz bergan zilzila munosabati bilan ehtiyotkor boʻlishga chaqirgani haqida xabar bergan edi.