O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston davlat chegaralarini delimitatsiya qilish bo‘yicha tarixiy kelishuvga erishdi

Xo‘jand shahrida O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston prezidentlari uch mamlakat davlat chegaralari tutashgan hududda Do‘stlik stelasini tantanali ravishda ochib berdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Marosimda videoaloqa orqali bosh vazir o‘rinbosarlari obyektning tayyorligi haqida axborot berdi.

Ushbu yodgorlik qardosh davlatlar o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklikning yangi ramzi sifatida barpo etildi.

Shuningdek, Xo‘jand shahrida O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston Prezidentlari uch tomonlama uchrashuv o‘tkazdi. Davlat rahbarlari Ramazon hayiti va Navro‘z bayrami bilan bir-birlarini tabriklab, mintaqaviy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qildilar.

Chegaralarni delimitatsiya qilish bo‘yicha shartnoma imzolanishi va Do‘stlik stelasining ochilishi uch mamlakat o‘rtasidagi mustahkam hamkorlikning ramzi sifatida qayd etildi. Savdo, sanoat, transport va ekologiya sohalarida qo‘shma loyihalarni rivojlantirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.

Uchrashuv yakunida uch davlat chegaralarining tutash nuqtasi bo‘yicha tarixiy shartnoma imzolandi hamda Qo‘shma deklaratsiya qabul qilindi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida ittifoqchilik shartnomasi kuchga kirgan edi.