Prezident Tojikistonda bayramona tarzda kutib olindi – foto

Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Xo‘jand shahriga keldi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, aeroportda uni Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon kutib oldi. Tashrif sharafiga davlat bayroqlari ko‘tarilib, milliy kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.

Bugun O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston prezidentlarining uch tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Unda do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklikni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilinadi.

Uchrashuv yakunida uch davlat chegaralarining tutash nuqtasi bo‘yicha shartnoma imzolash rejalashtirilgan. Prezidentlar san’at ustalari ishtirokidagi qo‘shma konsertda ham qatnashadilar.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Olmaota shahriga borgan edi.