Bojxona institutida dual ta’lim tizimi joriy etiladi

Mamlakat iqtisodiy xavfsizligini mustahkamlash va bojxona organlari faoliyatini ilmiy asosda o‘rganish maqsadida Bojxona qo‘mitasi tarkibida Tashqi iqtisodiy faoliyat ilmiy markazi tashkil etiladi. Shu bilan birga, 2025/2026-o‘quv yilidan institutda dual ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yilib, talabalar nazariy bilimni amaliyot bilan uyg‘unlashtirib o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
2026-yil 1-yanvarga qadar institutda quyidagi axborot tizimlari ishga tushiriladi:
- «Ta’lim menejmenti» avtomatlashtirilgan axborot tizimi – ta’lim jarayonlarini boshqarish uchun;
- «Samaradorlikni baholash» moduli – professor-o‘qituvchilarning faoliyatini reyting asosida baholash uchun;
- «Malaka» avtomatlashtirilgan axborot tizimi – bojxona xodimlarining malakasini oshirish maqsadida.
Shuningdek, magistraturada ikki yillik sirtqi ta’lim shakli joriy etiladi.
2025-yil 1-iyuldan esa sug‘urta tashkilotlari va bojxona organlari axborot tizimlari integratsiya qilinib, chegara orqali harakatlanayotgan avtotransport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish tizimi joriy etiladi. Shu asosda:
- Bojxona postida avtotransport egalarining sug‘urta polislari avtomatik ravishda rasmiylashtiriladi;
- Bojxona qo‘mitasining dasturlari Istiqbolli loyihalar milliy agentligining Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimiga integratsiya qilinadi;
- Chet elda ro‘yxatdan o‘tgan transport vositalari sug‘urta polisi mavjud bo‘lgandagina bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkaziladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan bojxona omborida saqlash muddati tugagan tovarlar davlat egaligiga o‘tkazilishi haqida xabar bergan edi.