Bojxona nazorati xavf darajalariga ko‘ra yo‘nalitiladi

Tovarlar, transport vositalari va shaxslarning bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida «Xavflarni boshqarish» axborot tizimi yangi tartib asosida ishlaydi. Ushbu tizim bojxona nazoratining hajmi va shaklini xavf darajasiga qarab belgilaydi.
- «Yashil yo‘lak» – xavf darajasi past bo‘lgan tovarlar avtomatik rasmiylashtiriladi, bojxona nazorati qo‘llanilmaydi.
- «Sariq yo‘lak» – xavf darajasi o‘rta, bojxona nazoratining ayrim shakllari qo‘llaniladi (lekin bojxona va shaxsiy ko‘rik bundan mustasno).
- «Qizil yo‘lak» – xavf darajasi yuqori, bojxona nazoratining bir yoki bir nechta shakllari majburiy amalga oshiriladi.
- «Ko‘k yo‘lak» – bojxona nazorati tovarlar va transport vositalari chiqarib yuborilgandan so‘ng amalga oshiriladi.
2025-yil 1-oktabrdan boshlab tovarlarni olib kirish, olib chiqish va tranzit qilish uchun barcha sertifikat va ruxsatnomalar faqat «Yagona darcha» bojxona axborot tizimi orqali rasmiylashtiriladi.
2026-yil 1-sentabrdan esa bojxona qo‘mitasi logistika xizmatlarini o‘z ichiga olgan maxsus axborot platformasini ishga tushiradi. Bundan tashqari, chegara o‘tkazish punktlari yaqinida yangi bojxona terminallari qurilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, bir xil tovarlar uchun bitta tashqi savdo shartnomasi (kontrakti) doirasida fitosanitar va ekologik sertifikatlar, karantin ruxsatnomalari, veterinar ruxsatnomalar hamda muvofiqlik sertifikatlari 1 yil muddatga bir marta taqdim etiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan bojxona institutida dual ta’lim tizimi joriy etilishi haqida xabar bergan edi.