
Huawei kompaniyasi yuk avtomobillar uchun yangi zaryadlovchi qurilmasini taqdim etadi. Bu haqda CarNewsChina nashri maʼlum qildi.
Ushbu qurilma 1,5 MVt quvvatga ega boʻlib, 2400 A maksimal oqimni qoʻllab-quvvatlaydi. Yangi texnologiya 20 kWt⋅soat quvvatga ega batareyalarni bir daqiqada toʻliq zaryad qilish imkoniyatini yaratadi.
Huawei tomonidan ishlab chiqilgan zaryadlovchi qurilma 22-aprel kuni taqdim etilishi rejalashtirilgan. U aynan ogʻir yuk mashinalari uchun moʻljallangan. Ushbu qurilma yordamida yuk mashinalari atigi 15 minutda toʻliq zaryadlanishi mumkin.
Huaweiʼning bu yangi yondashuvi Zeekr va BYD kabi raqobatchilardan farq qiladi. Chunki u aynan yuk mashinalariga moʻljallangan. Bu innovatsiya elektrotransport sohasida yangi imkoniyatlarni ochishi kutilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yangi zaryadlash texnologiyasi sabab BYD aksiyalari 6 foizgacha oshgani haqida yozgan edi.