
Taniqli britaniyalik promouter Eddi Xirn yaponiyalik Naoya Inoue va o‘zbekistonlik Murodjon Ahmadaliyev o‘rtasida 2025-yil sentabr oyida jang tashkil etilishi mumkinligini ma’lum qildi. Bu haqda Сhempionat.com nashri ma’lum qildi.
Inoue ikkinchi yengil vazn toifasida mutlaq jahon chempioni bo‘lsa, Ahmadaliyev WBA chempioni unvoniga ega.
Xirnning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Inouening promouteri janob Xonda bilan jang shartlarini kelishish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Agar kelishuv amalga oshsa, jang Yaponiyada o‘tkaziladi. Shuningdek, Inoue chempionlik unvoni uchun jang qilish imkoniyatini saqlab qolishi uchun Ahmadaliyev bilan ringga chiqishi kerak. Aks holda WBA chempionlik kamaridan mahrum bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Naoya Inouening navbatdagi jangi 4-may kuni Las-Vegasda bo‘lib o‘tadi. Unda u amerikalik Ramon Kardenasga qarshi ringga ko‘tariladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan mamlakat bokschilari Jahon kubogini g‘alabalar bilan boshlashgani haqida xabar bergan edi.