Shavkat Mirziyoyev Eron rahbarini Ramazon hayiti va Navro‘z bayrami bilan tabrikladi

1-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Eron Islom Respublikasi prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon telefon orqali muloqot o‘tkazdi. Yetakchilar bir-birlarini hamda ikki xalqni Navro‘z bayrami va Ramazon hayiti bilan tabriklab, tinchlik va farovonlik tiladilar.
Suhbat davomida qabul qilingan «yo‘l xaritasi» asosida O‘zbekiston-Eron munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar savdo va yuk tashish hajmining oshishi, qo‘shma korxonalar sonining ortishi, shuningdek, Toshkent va Tehron o‘rtasida muntazam aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Yetakchilar kimyo va neft-kimyo, to‘qimachilik, oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi va qurilish materiallari sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish hamda Tehronda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi, biznes forumi va sanoat ko‘rgazmasini samarali tashkil etish muhimligini ta’kidladilar.
Prezidentlar, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga ega masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev Myanmada yuz bergan zilzila munosabati bilan hamdardlik bildirgani haqida xabar bergan edi.