O‘zbekistonda inflyatsiya 10,3% gacha tezlashdi

Mart oyining yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda inflyatsiya yiliga 10,3% gacha tezlashdi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, iste’mol narxlari bir oyda 0,9% ga oshdi.
Oziq-ovqat mahsulotlari narxi bir oyda 1,5% ga oshgan bo‘lsa, nooziq-ovqat mahsulotlari va xizmatlar narxi mos ravishda 0,3% va 0,7% ga oshdi.
Eng yuqori oylik inflyatsiya Surxondaryo viloyatida qayd etilib, u 1,2% ni tashkil etdi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni esa narxlarning 1% ga oshishi bilan Navoiy va Jizzax viloyatlari egalladi.
Respublika bo‘ylab eng katta narx oshishi yoqilg‘i, uy-joy va kommunal xizmatlarda kuzatildi. Bu sohalarda narxlar oxirgi 12 oy ichida 36,1% ga oshdi. Tibbiy xizmatlar narxi 18,9% ga, ta’lim xizmatlari esa 17,5% ga oshgan.
Eslatib o‘tamiz, fevral oyida O‘zbekistonda inflyatsiya 10 foizga yetgan edi.