
O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi xitoylik Leapmotor brendiga tegishli avtomobillarning sertifikatsiyasini to‘xtatganini ma’lum qildi. Bu haqdagi qaror Ijro.uz portalida e’lon qilindi.
Bunga Leapmotor C16 elektromobilidagi nosozlik sabab bo‘lgan. Muammo avtomobil elektronikasining ishlashida nuqsonlarga, ayrim hollarda esa transport vositasining asosiy tizimlarida uzilishlarga olib kelishi mumkin.
Agentlik ushbu muammo bartaraf etilgunga qadar Leapmotor avtomobillari sertifikatsiyasi bo‘yicha arizalar qabul qilinmasligini ta’kidladi. Kursiv Uzbekistan muxbiri Leapmotorning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan bog‘lanishga harakat qilgan, biroq kompaniya ofisi qo‘ng‘iroqlarga javob bermagan.
2025-yil aprel oyi boshlariga kelib, Leapmotor C16 narxi 459,8 million so‘mdan boshlanmoqda. Avtomobil maksimal 170 km/soat tezlikka erisha oladi, dvigatel quvvati esa 292 ot kuchini tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq skuter, moped va elektro-skuterlar uchun haydovchilik guvohnomasi majburiy etib belgilangan edi.