O‘zbekistonlik ilk bor Forbes ro‘yxatidan joy oldi

Forbes jurnali har yili dunyoning eng boy insonlari ro‘yxatini e’lon qiladi. Bu yilgi ro‘yxatda O‘zbekistonlik Alisher Usmonov ilk bor vakil sifatida qayd etildi.
Avvalgi yillarda USM Holdings asoschisi doimo Rossiya vakili sifatida ko‘rsatilgan bo‘lsa, 2024-yilda u O‘zbekiston nomidan ro‘yxatga kiritildi. Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, Usmonovning boyligi $16,7 mlrdga yetib, o‘tgan yilga nisbatan $3,3 mlrdga oshgan. Natijada u jahon reytingida 144-o‘rindan 125-o‘ringa ko‘tarildi.
Forbes ro‘yxatini tuzishda tadbirkorlarning hozirgi yashash joyi hisobga olinadi. Masalan, Telegram asoschisi Pavel Durov uchta milliy pasportga ega bo‘lsa-da, Birlashgan Arab Amirliklari tadbirkori sifatida qayd etilgan. Alisher Usmonov 2022-yildan beri Toshkentda yashayotganligi sababli, u endilikda O‘zbekiston vakili sifatida ro‘yxatga kiritilgan.
Shunga qaramay real vaqt rejimida yangilanadigan boshqa reytinglarda Usmonov hali ham Rossiya vakili sifatida ko‘rsatilmoqda. Har holda bu O‘zbekiston Forbes ro‘yxatida ilk bor rasman qayd etilganini anglatadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan YI Alisher Usmonovning singlisini sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarishi haqida xabar bergan edi.