
Samsung kompaniyasi oʻz foydalanuvchilarini soxta smartfonlar sotib olishdan ogohlantirdi. Bu haqda Sammobile nashri xabar bermoqda.
28-mart kuni kompaniya Avstraliyadagi rasmiy saytida baʼzi elektronika doʻkonlari va onlayn bozorlarning soxta telefonlar bilan toʻlganini maʼlum qildi.
Soxta qurilmalar, odatda, rasmiy Samsung telefonlaridan sezilarli darajada arzonroq narxlarda sotilmoqda. Biroq, ular past sifatli materiallardan yasalgan boʻlib, ishlab chiqaruvchi tomonidan taqdim etiladigan Android yangilanishlari va kafolatga ega emas.
Samsung kompaniyasi foydalanuvchilarga, faqat rasmiy onlayn doʻkonlar yoki kompaniya tomonidan avtorizatsiya qilingan sotuvchilardan smartfonlar sotib olishni tavsiya qilmoqda. Ular shu tarzda mahsulotlarning haqiqiyligini tekshirishi va xatoliklardan saqlanishi mumkin.
Kompaniya shu bilan birga, foydalanuvchilarga soxta telefonlarni aniqlash uchun diqqatli boʻlishni va shubhali narxlar bilan taklif qilinayotgan mahsulotlardan ehtiyot boʻlishni maslahat bergan.
Eslatib oʻtamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Samsung S25 Edge smartfonining rasmiy renderlari taqdim etgani haqida yozgan edi.