Tadbirkorlarga bojxona to‘lovlari uchun yagona g‘azna hisobvarag‘i ochiladi

1-sentabrdan tadbirkorlarga bojxona to‘lovlari uchun yagona g‘azna hisobvarag‘i ochiladi. Bu haqda prezident farmoni qabul qilindi.
Shuningdek farmon bilan, davlat bojxona xizmati organlarining samaradorligini oshirish bo‘yicha muhim maqsadlar belgilandi.
Jumladan, 2030-yilga qadar Jahon bankining Logistika samaradorligi indeksida (LPI) O‘zbekiston bojxona rasmiylashtiruvi samaradorligi bo‘yicha kamida 55-pog‘onaga chiqishi belgilandi.
2026-yilgacha bojxona deklaratsiyalarini inson omilisiz rasmiylashtirish ulushi ikki barobarga oshirilib, 2028-yilgacha bojxona ko‘rigi 21 foizdan 15 foizga tushiriladi. 2030-yilgacha esa sun‘iy intellekt elementlaridan foydalangan holda xavfni boshqarish tizimi samaradorligi ikki hissa rivojlantiriladi.
Shu yilning 1-iyulidan veterinariya va fitosanitariya sohasida tashqi savdo yuklari bilan bog‘liq barcha hujjatlarga muhr va shtamp bosish amaliyoti bekor qilinadi. Endilikda barcha rasmiylashtirish ishlari elektron shaklda amalga oshiriladi.
1-sentabrdan tadbirkorlik subyektlari bojxona to‘lovlarini mamlakatning istalgan hududida amalga oshirishi uchun yagona g‘azna hisobvarag‘i ochiladi.
1-noyabrdan o‘tkazish punktlaridan o‘tuvchi yo‘lovchilar uchun mobil ilova orqali bojxona deklaratsiyasini topshirish imkoniyati yaratiladi.
1-dekabrdan bojxona hududida yoki hududidan tashqarida qayta ishlash rejimlarida bojxona yuk deklaratsiyasini soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirish imkonini beruvchi «Tolling operatsiyalari» moduli joriy etiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan bojxona postlarida transport vositalari uchun «yashil» va «qizil» yoʻlaklar joriy qilinishi haqida yozgandi.