
Toyota gibrid avtomobillar buyurtmasini bajarishda bir qator muammolarga duch kelmoqda. Bu haqda Reuters agentligi maʼlum qildi.
Toyota kompaniyasining gibrid avtomobillariga boʻlgan talab tez surʼatlar bilan oshib bormoqda. Oʻtgan besh yil ichida gibrid avtomobillar sotuvi deyarli uch baravar — 5,7 mlndan 16,1 mlngacha oshgan.
Kompaniya ishlab chiqarish liniyalari va ehtiyot qismlar yetkazib beruvchilar talabni qondira olmayapti. Xaridorlar turli hududlarda kechikishlarga duch kelmoqda. Yevropada Yaris Cross yoki RAV4 plug-in kabi yangi modellarni kutish vaqti 60-70 kunga yetgan. Bu 2020-yilga nisbatan ikki baravar koʻp. Yaponiyada baʼzi modellarga besh oygacha, Hindistonda esa ikki oydan toʻqqiz oygacha kutish kerak. AQShda dilerlar esa Prius va Camry kabi mashhur modellarning minimal zaxiralariga ega.
Buning asosiy sababi – butlovchi qismlarning yetishmasligi deya baholanmoqda. Toyota ishlab chiqarishni koʻpaytirishga harakat qilmoqda. Kompaniya oʻtgan yilga nisbatan yetkazib berish vaqtlarini qisqartirishga muvaffaq boʻlgan.
Eslatib oʻtamiz, Kursiv Uzbekistan Toyota kompaniyasi yangi Land Cruiser 300ʼni taqdim etgani haqida yozgan edi.