Toshkentda ilk bor «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» parlamentlararo hamkorlik forumi o‘tkaziladi

Bugun, 4-aprel kuni Samarqandda o‘tkazilayotgan «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» sammitida Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi. Davlat rahbari «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» parlamentlararo forumini tashkil etish taklifini ilgari surdi.
Jumladan, sammitda «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» o‘rtasida strategik sheriklik o‘rnatish bo‘yicha tarixiy qaror qabul qilinadi. Qabul qilingan hujjat asosida belgilangan qoidalarni hayotga tatbiq etish uchun kompleks chora-tadbirlarni birgalikda ishlab chiqish va amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.
«Biz, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi muhim masalalar bo‘yicha umumiy pozitsiyalarni ishlab chiqish uchun tashqi siyosat idoralari rahbarlari uchrashuvlarini doimiy o‘tkazib borish, parlamentlararo aloqalarni faollashtirish va «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoq» parlamentlararo hamkorlik forumini ta’sis etish hamda uning ilk tadbirini shu yil kuzda O‘zbekistonda o‘tkazish, yetakchi tahlil markazlari hamkorligini kengaytirishni taklif etamiz», – dedi prezident.
Shuningdek, sammitda bu kabi uchrashuvlarni har ikki yilda bir marta o‘tkazish taklifi to‘liq qo‘llab-quvvatlandi.
Avvalroq «Kursiv» muxbiri Samarqandda «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» birinchi sammiti boshlangani haqida xabar bergandi.