Bahodir Jalolov Igor Shevadzutskiyni magʻlub etdi

2025-yil 5-aprel kuni Ostona shahridagi «Baris Arena»da boʻlib oʻtgan katta boks oqshomida oʻzbekistonlik Bahodir Jalolov ukrainalik bokschi Igor Shevadzutskiyni oʻn raundlik jangda magʻlub etdi.
Olimpiada chempioni, ogʻir vazn toifasidagi Jalolov yakdil qaror bilan Shevadzutskiyni magʻlub etdi.
Jalolov va Shevadzutskiy oʻrtasidagi jang toʻliq oʻn raund davom etdi. Uchinchi raundda Shevadzutskiy qiyin holatda edi, lekin oʻrnidan turishga muvaffaq boʻlgan.
Bu Bahodirning professional rekordida nokaut evaziga qoʻlga kiritilmagan ilk gʻalabasi boʻldi.
Oʻsha oqshom yana bir hamyurtimiz muxlislarni xushnud etdi. Otabek Xolmatov sakkizinchi raundda Jeyson Kano Manigosni texnik nokaut bilan yakunladi.
Eslatib oʻtamiz, taniqli britaniyalik promouter Eddi Xirn yaponiyalik Naoya Inoue va oʻzbekistonlik Murodjon Ahmadaliyev oʻrtasida 2025-yil sentabr oyida jang tashkil etilishi mumkinligini ma’lum qilgan edi.