Ayrim oilalarga 1 mln so‘mdan bir martalik moddiy yordam beriladi

2025/2026 yilgi isitish mavsumida ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida noyabr oyida ayrim toifadagi oilalarga 1 mln so‘mdan bir martalik moddiy yordam beriladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, yordam ijtimoiy yordam reyestriga kiritilgan hamda «mahalla yettiligi» xulosasi asosida yordamga muhtoj deb topilgan oilalarga ajratiladi. Boquvchisini yo‘qotganlar va nogiron a’zosi bor oilalar ustuvor hisoblanadi. Nogironligi bor farzandni parvarishlayotganlar hamda uzoq davolanishga muhtojlar ham ko‘zda tutilgan. Yolg‘iz keksalar va nogironlar ham moddiy yordam olishi mumkin. Gaz yoki isitish tizimi yo‘q uyda yashovchilar ham inobatga olinadi.
Qo‘shimcha tuziladigan ro‘yxatdagi oilalar soni reyestrga kiritilgan oilalar sonining 40 foizidan oshmasligi lozim.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq davlat elektr va gaz xarajatlarini kim uchun qoplashi haqida yozgan edik.