
Chery «pasaytirilgan» narxlar bilan chalg‘itmoqdami? Chery Uzbekistan kompaniyasi Arrizo 6 Pro avtomobili uchun navbatdagi «aksiyani» e’lon qildi. Reklama kampaniyasida narxlar «sezilarli tushirilgani» ta’kidlanmoqda. Ammo tafsilotlarga e’tibor qaratilsa, aks holda ekani ma’lum bo‘ladi. Dekabrdagi narxlar bilan solishtirganda, avtomobilning ba’zi versiyalari aynan qimmatlashgan. Bu haqda Avtosrada nashri ma’lum qildi.
2024-yil dekabrda kompaniya Yangi yil aksiyasi doirasida narxlarni 40 mln so‘mgacha tushirgan edi. Masalan, Comfort versiyasi 254,9 mlndan 214,9 mln so‘mgacha arzonlashgandi. Intelligence to‘plami esa 279,9 mln o‘rniga 239,9 mln so‘mga taklif etilgan.
2025-yil fevral oyida esa yangi Life versiyasi reklama qilinmoqda. Bu to‘plam 1,5 litrli, 113 ot kuchiga ega soddalashtirilgan dvigatelga ega. Narxi esa — 214,9 mln so‘m. Ushbu versiyada qishki paketlar – isitiladigan rul, old oyna va orqa o‘rindiqlar yo‘q. Qolgan opsiyalar esa Comfort versiyasi bilan deyarli bir xil.
Life versiyasi — avvalgi Comfort narxi evaziga soddalashtirilgan variantni taklif qilmoqda. Shu bilan birga, hozirgi Comfort va Intelligence versiyalari dekabrga nisbatan 15 mln so‘mga qimmatlashgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xitoyda Chery Arrizo 8 PRO sedanining sotuvga chiqarilishi boshlangani haqida xabar bergan edi.