
Beeline Uzbekistan kompaniyasi axborot texnologiyalari, texnik infratuzilma, kiberxavfsizlik va raqamli yechimlarni ishlab chiqishni birlashtiruvchi yangi bo‘linma tashkil etilganini e’lon qildi. Ushbu yo‘nalishga rahbarlik qilish Turkiyaning yirik mobil operatori Turkcell’da texnik direktor (CTO) lavozimida ishlagan Gediz Sezginga topshirildi.
Ma’lum qilinishicha, Sezgin 2025-yil aprel oyidan boshlab texnologiyalar va innovatsiyalar bo‘yicha direktor (CTIO) sifatida faoliyatini boshladi.
U tarmoq va IT-infratuzilmasini rivojlantirish, innovatsiyalarni joriy etish hamda kiberxavfsizlikni mustahkamlash uchun mas’ul bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, Sezgin telekommunikatsiya sohasida 28 yildan ortiq tajribaga ega. 2015-yildan 2023-yilgacha u Turkcell kompaniyasida FTTH tarmog‘ini kengaytirish, 4.5G infratuzilmasini ishga tushirishga tayyorlash va yirik ma’lumotlar markazlarini barpo etish kabi yirik texnologik loyihalarga rahbarlik qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident administratsiyasining sobiq rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov Bekobod tumani hokimi etib tayinlangan edi.